«OILA24» MCHJ direktorining 2026-yil 28-avgustdagi 1-son buyrug'i bilan tasdiqlangan

Ommaviy oferta

«OILA360» mobil ilovasidan foydalanish va ota-ona nazorati xizmatlarini ko'rsatish shartlari

Toshkent shahri, 2026-yil 28-avgust

O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 360, 367, 369 va 370-moddalari, «Elektron tijorat to'g'risida»gi, «Elektron hujjat aylanishi to'g'risida»gi, «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi, «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa qonun hujjatlariga amal qilgan holda, «OILA24» mas'uliyati cheklangan jamiyati (STIR: 313 100 184; Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining rezidenti, 6785-sonli sertifikat; bundan buyon – «Ijrochi»), Ustav asosida faoliyat yurituvchi direktor Abduraimov N nomidan, ushbu hujjat orqali 18 yoshga to'lgan, to'liq muomalaga layoqatli va 4 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan farzandning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili hisoblangan jismoniy shaxsga (bundan buyon – «Foydalanuvchi») quyida bayon etilgan shartlarda «OILA360» mobil ilovasidan foydalanish va ota-ona nazorati xizmatlarini ko'rsatish to'g'risidagi shartnomani (bundan buyon – «Shartnoma») tuzishni taklif etadi.

Ushbu Oferta Ijrochi tomonidan Ilovada joylashtiriladi. Oferta shartlariga rozi bo'lmagan shaxs Ofertani aksept qilmasligi va Ilovadan foydalanmasligi lozim.

1. Atamalar va ta'riflar

1.1. Ushbu Ofertada quyidagi atamalar qo'llaniladi:

Oferta – ushbu hujjat, uning ajralmas qismi hisoblangan ilovalari bilan birga;

Aksept – Foydalanuvchi tomonidan Oferta shartlarini hech qanday istisno va shartlarsiz to'liq qabul qilishi, Ofertaning 3.2-bandida ko'rsatilgan harakatlar orqali amalga oshiriladi;

Ilova – «OILA360» dasturiy mahsuloti: Foydalanuvchi qurilmasiga o'rnatiladigan ota-ona ilovasi, Farzand qurilmasiga o'rnatiladigan «BOLAJON360» farzand ilovasi, ularning serverga oid qismlari va barcha yangilanishlari;

Foydalanuvchi (Ota-ona) – Akseptni amalga oshirgan, Akkauntni ro'yxatdan o'tkazgan va Farzandning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili (vasiysi, homiysi) hisoblangan jismoniy shaxs;

Qo'shimcha foydalanuvchi – Foydalanuvchi tomonidan Akkauntga taklif etilgan va Ofertani alohida aksept qilgan Farzandning ikkinchi ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili;

Farzand – Foydalanuvchining 4 (to'rt) yoshdan 18 (o'n sakkiz) yoshgacha bo'lgan farzandi yoki Foydalanuvchining qonuniy vakili hisoblanadigan voyaga yetmagan shaxs;

Farzand qurilmasi – Farzand foydalanayotgan va farzand ilovasi o'rnatilgan mobil telefon yoki boshqa qurilma;

Akkaunt – Ilovaning Foydalanuvchi telefon raqamiga bog'langan va Foydalanuvchini identifikatsiya qilish hamda Funksiyalardan foydalanish imkonini beruvchi hisob yozuvi;

Tasdiqlash kodi – Ijrochi tomonidan shakllantiriladigan va Foydalanuvchining telefon raqamiga SMS-xabar orqali yuboriladigan bir martalik raqamli kod;

Tarif – Ofertaning 1-ilovasida belgilangan, Funksiyalar hajmi, ulanadigan shaxslar soni va oylik to'lov miqdorini belgilovchi xizmat rejasi;

Funksiyalar – Tarifga kiruvchi Ilova imkoniyatlari (chat, joylashuv, joylashuv tarixi, atrof yozuvi, ekran vaqti va boshqalar);

Obuna davri – to'lov tasdiqlangan kundan boshlab hisoblanadigan bir kalendar oylik xizmat ko'rsatish davri;

Qo'llab-quvvatlash xizmati – Ofertaning 9-bo'limida ko'rsatilgan kanallar orqali Foydalanuvchi murojaatlarini ko'rib chiquvchi Ijrochi bo'linmasi;

Ilova nosozligi – Ijrochining dasturiy ta'minoti yoki serverlaridagi xatolik tufayli Funksiyaning ishlamasligi yoki noto'g'ri ishlashi (Ofertaning 8.2-bandida ko'rsatilgan holatlar bundan mustasno);

Shaxsga doir ma'lumotlar – «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan ma'nodagi ma'lumotlar;

Uchinchi shaxslar – Ijrochi, Foydalanuvchi va Qo'shimcha foydalanuvchidan boshqa barcha shaxslar.

1.2. Ofertada ta'riflanmagan atamalar birinchi navbatda O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, ikkinchi navbatda Ijrochining veb-saytida e'lon qilingan ma'lumotlarga, so'ngra umumqabul qilingan amaliyotga muvofiq talqin etiladi.

2. Oferta predmeti

2.1. Ijrochi Foydalanuvchiga Ilovadan tanlangan Tarif doirasida foydalanish huquqini beradi va tegishli xizmatlarni ko'rsatadi, Foydalanuvchi esa xizmatlar haqini Oferta shartlariga muvofiq to'laydi.

2.2. Ushbu Shartnoma O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 360-moddasiga muvofiq qo'shilish shartnomasi hisoblanadi. Shartnoma shartlari Ijrochi tomonidan oldindan belgilab qo'yilgan bo'lib, Foydalanuvchi ularni to'liq va shartsiz qabul qilish orqali Shartnomaga qo'shiladi.

3. Aksept va shartnomaning tuzilishi

3.1. Ofertaning Ilova va Ijrochi veb-saytida joylashtirilishi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga muvofiq noma'lum doiradagi shaxslarga qaratilgan ommaviy taklif hisoblanadi.

3.2. Quyidagi harakatlardan har biri Ofertaning aksepti hisoblanadi (Fuqarolik kodeksining 370-moddasi):

a) Ilovada ro'yxatdan o'tishda Ofertaning 2-ilovasida keltirilgan rozilik belgisini qo'yish va Tasdiqlash kodini kiritish;

b) tanlangan Tarif bo'yicha to'lovni amalga oshirish.

3.3. Akseptni amalga oshirish orqali Foydalanuvchi quyidagilarni tasdiqlaydi:

3.3.1. Oferta, Tariflar va ularni o'zgartirish tartibi bilan to'liq tanishgan va ularni hech qanday istisno va shartlarsiz qabul qiladi;

3.3.2. 18 yoshga to'lgan va to'liq muomalaga layoqatli;

3.3.3. Ilovaga ulanadigan har bir Farzandning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili hisoblanadi va Farzand 4 yoshdan 18 yoshgacha;

3.3.4. ro'yxatdan o'tishda ishonchli va to'liq ma'lumotlarni ko'rsatgan;

3.3.5. Ilova Funksiyalari, ularning texnik cheklovlari va Ofertaning 8-bo'limida ko'rsatilgan to'langan mablag' qaytarilmaydigan holatlar bilan tanishgan;

3.3.6. Ofertaning 11-bo'limiga muvofiq o'zining va Farzandning shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berilishiga rozilik beradi.

3.4. Tasdiqlash kodi yordamida amalga oshirilgan harakatlar Foydalanuvchi tomonidan shaxsan amalga oshirilgan hisoblanadi va uning o'z qo'li bilan qo'ygan imzosi bilan bir xil huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.

3.5. Aksept qilingan Oferta oddiy yozma shaklda tuzilgan shartnomaga tenglashtiriladi va taraflarning imzosi hamda muhri bilan tasdiqlanishini talab qilmaydi.

3.6. Qo'shimcha foydalanuvchi Akkauntga ulanishda Ofertani ushbu bo'limda belgilangan tartibda alohida aksept qiladi.

4. Ilovadan foydalanish maqsadi va cheklovlar

4.1. Ilova faqat ota-onalar (qonuniy vakillar) tomonidan o'zlarining 4 (to'rt) yoshdan 18 (o'n sakkiz) yoshgacha bo'lgan farzandlarining xavfsizligini ta'minlash, ularning joylashuvini bilish, raqamli qurilmalardan foydalanishini nazorat qilish va ular bilan muloqot qilish maqsadida foydalanish uchun mo'ljallangan.

4.2. Ilovadan quyidagi maqsadlarda foydalanish qat'iyan taqiqlanadi:

a) 18 yoshga to'lgan shaxslarni, shu jumladan er (xotin), qarindosh, xodim, ijarachi yoki boshqa har qanday voyaga yetgan shaxsni kuzatish;

b) 4 yoshga to'lmagan bolalarga nisbatan foydalanish;

v) Foydalanuvchi qonuniy vakili hisoblanmaydigan boshqa shaxslarning farzandlarini kuzatish;

g) «Atrof yozuvi», «Kamera» va boshqa Funksiyalar orqali Uchinchi shaxslarning suhbatlarini, tasvirini yoki shaxsiy hayotiga oid ma'lumotlarni maqsadli ravishda yig'ish;

d) Ilova orqali olingan ma'lumotlar va yozuvlarni tarqatish, oshkor qilish, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish yoki sotish;

ye) shaxsni ta'qib qilish, qo'rqitish, shantaj qilish yoki boshqa g'ayriqonuniy maqsadlar;

j) boshqa Foydalanuvchilarning akkauntlari, Ijrochining serverlari va texnik vositalariga ruxsatsiz kirishga urinish, himoya zaifliklarini izlash, avtomatlashtirilgan skriptlar yoki serverlarga ortiqcha yuklama beruvchi boshqa vositalardan foydalanish;

z) Ilovani dekompilyatsiya qilish, o'zgartirish, nusxa ko'chirish, himoya vositalarini aylanib o'tish yoki tijorat maqsadida Uchinchi shaxslarga berish.

4.3. Farzand 18 yoshga to'lgan kundan boshlab Foydalanuvchi uning qurilmasidan farzand ilovasini o'chirishi va uni kuzatishni to'xtatishi shart. Ijrochi bu haqda Ilovada eslatma yuboradi. Mazkur majburiyat bajarilmaganligi oqibatlari uchun Foydalanuvchi mustaqil javobgar bo'ladi.

4.4. Foydalanuvchiga Farzandni, ayniqsa 14 yoshga to'lgan Farzandni, uning qurilmasida Ilova o'rnatilganligi va Ilovaning maqsadi to'g'risida xabardor qilish tavsiya etiladi.

4.5. Ilova ota-ona nazoratini to'ldiruvchi vosita hisoblanadi. U ota-onaning bevosita nazorati, tarbiyasi va g'amxo'rligining o'rnini bosmaydi hamda favqulodda xizmat hisoblanmaydi. Favqulodda vaziyatlarda Foydalanuvchi tegishli davlat xizmatlariga (ichki ishlar, tez tibbiy yordam, favqulodda vaziyatlar xizmatlariga) murojaat qilishi lozim.

4.6. Ushbu bo'limda belgilangan taqiqlar buzilganda Ijrochi Akkauntni oldindan xabar bermasdan bloklashga yoki o'chirishga va Shartnomani bir tomonlama bekor qilishga haqli. Bu holda to'langan mablag' qaytarilmaydi. Ilovadan g'ayriqonuniy foydalanganlik uchun qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlik to'liq Foydalanuvchi zimmasida bo'ladi.

5. Ro'yxatdan o'tish, akkaunt va farzand qurilmasini ulash

5.1. Ro'yxatdan o'tish Foydalanuvchining mobil telefon raqami orqali amalga oshiriladi. Bitta Akkaunt faqat bitta telefon raqamiga bog'lanadi.

5.2. Ro'yxatdan o'tishda Foydalanuvchi o'zining familiyasi va ismini, Farzandning ismi va tug'ilgan sanasini ko'rsatadi. 4 yoshga to'lmagan yoki 18 yoshga to'lgan shaxsni Farzand sifatida ro'yxatdan o'tkazish mumkin emas.

5.3. Foydalanuvchi ko'rsatilgan ma'lumotlar o'zgarganda ularni 3 (uch) ish kuni ichida Ilovada yangilashi shart. Noto'g'ri yoki eskirgan ma'lumotlar oqibatlari uchun Ijrochi javobgar bo'lmaydi.

5.4. Farzand qurilmasi farzand ilovasini o'rnatish, uni Akkauntga ulash va Ilovada ko'rsatilgan zarur ruxsatlarni berish orqali ulanadi. Ijrochi Ilovada qo'llanma taqdim etadi, lekin qurilmalarni sozlash, ta'mirlash yoki Foydalanuvchini ulardan foydalanishga o'rgatish xizmatlarini ko'rsatmaydi.

5.5. Foydalanuvchi Qo'shimcha foydalanuvchini taklif qilishda uning Farzandning ikkinchi ota-onasi yoki qonuniy vakili ekanligini tasdiqlaydi va bu tasdiqning to'g'riligi uchun javobgar bo'ladi.

5.6. Ijrochi asosli shubha paydo bo'lganda Foydalanuvchidan shaxsini va Farzand bilan qonuniy aloqasini tasdiqlovchi hujjatlarni (shaxsni tasdiqlovchi hujjat, tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnoma, vasiylik yoki homiylik to'g'risidagi hujjat va h.k.) talab qilishga haqli. Hujjatlar so'rov yuborilgan kundan boshlab 3 (uch) ish kuni ichida taqdim etilmasa, Ijrochi Akkauntni bloklashga haqli.

5.7. Foydalanuvchi Akkauntga kirish ma'lumotlari va Tasdiqlash kodlarining maxfiyligini ta'minlaydi va ularni Uchinchi shaxslarga bermaydi. Akkaunt orqali amalga oshirilgan barcha harakatlar Foydalanuvchi tomonidan amalga oshirilgan hisoblanadi.

5.8. Foydalanuvchi o'z qurilmasi yo'qolganda, Akkauntga Uchinchi shaxslar kirganligini aniqlaganda yoki bunday shubha paydo bo'lganda darhol, lekin 1 (bir) kalendar kundan kechiktirmay Ijrochiga xabar berishi shart. Xabar olingunga qadar Uchinchi shaxslarning harakatlari uchun Ijrochi javobgar bo'lmaydi.

5.9. Akkauntga kirishni tiklash Foydalanuvchi shaxsi aniqlanganidan va taqdim etilgan ma'lumotlar ro'yxatdan o'tishda ko'rsatilgan ma'lumotlarga mos kelishidan keyin amalga oshiriladi.

6. Tariflar va to'lov tartibi

6.1. Xizmatlar quyidagi Tariflar bo'yicha ko'rsatiladi (batafsil – Ofertaning 1-ilovasida):

– «YOSH OILA» – oyiga 49 000 (qirq to'qqiz ming) so'm, 1 (bir) ota-ona va 1 (bir) farzand uchun;

– «O'RTA OILA» – oyiga 79 000 (yetmish to'qqiz ming) so'm, 2 (ikki) ota-ona va 2 (ikki) farzand uchun;

– «KATTA OILA» – oyiga 99 000 (to'qson to'qqiz ming) so'm, 3 (uch) ota-ona va 5 (besh) farzand uchun.

6.2. Xizmatlar haqi har bir Obuna davri uchun 100 (yuz) foiz oldindan to'lanadi. To'lov Ilovada yoki Ijrochi veb-saytida ko'rsatilgan to'lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.

6.3. To'lov mablag' to'lov tizimi tomonidan tasdiqlangan paytda amalga oshirilgan hisoblanadi. Obuna davri to'lov tasdiqlangan kundan boshlanadi. To'lovni tasdiqlovchi elektron chek qonunchilikda belgilangan tartibda Foydalanuvchiga taqdim etiladi.

6.4. Foydalanuvchi obunani avtomatik uzaytirish funksiyasini yoqsa, keyingi Obuna davri uchun to'lov joriy Obuna davrining so'nggi kunida uning bank kartasidan yechib olinadi. Foydalanuvchi avtomatik uzaytirishni Ilova sozlamalarida istalgan vaqtda o'chirishi mumkin. Bu holda joriy Obuna davri oxirigacha xizmat ko'rsatiladi.

6.5. To'lov tizimlari va banklar oladigan vositachilik haqlari (agar mavjud bo'lsa) Foydalanuvchi zimmasida bo'ladi.

6.6. Ijrochi Tariflar narxini bir tomonlama o'zgartirishga haqli. Yangi narxlar faqat keyingi Obuna davridan boshlab qo'llaniladi va bu haqda Ilovada kamida 10 (o'n) kalendar kun oldin xabar beriladi. Yangi narxga rozi bo'lmagan Foydalanuvchi avtomatik uzaytirishni o'chiradi. Aks holda u yangi narxga rozi bo'lgan hisoblanadi.

6.7. Obuna davri mobaynida Foydalanuvchi yuqoriroq Tarifga o'tishga haqli. Bunda Tariflar narxlari o'rtasidagi farq qolgan kunlarga mutanosib ravishda hisoblanadi. Pastroq Tarifga o'tish keyingi Obuna davridan boshlab amalga oshiriladi.

6.8. Foydalanuvchi to'lov yuzasidan e'tirozini to'lov amalga oshirilgan kundan boshlab 30 (o'ttiz) kalendar kun ichida Ijrochiga yozma ravishda bildirishi mumkin. Ushbu muddatda e'tiroz bildirilmasa, to'lov va uning miqdori Foydalanuvchi tomonidan tasdiqlangan hisoblanadi.

7. Xizmat ko'rsatish shartlari va texnik talablar

7.1. Ilovadan to'liq foydalanish uchun quyidagi shartlar bir vaqtda bajarilishi zarur:

a) Farzand qurilmasi yoqilgan va “active” holatda bo'lishi;

b) Farzand qurilmasida yetarli batareya zaryadi mavjud bo'lishi;

v) Farzand va Foydalanuvchi qurilmalarida barqaror Internet aloqasi (mobil Internet yoki Wi-Fi) mavjud bo'lishi;

g) Farzand qurilmasida ilova o'rnatilgan, o'chirilmagan va unga zarur ruxsatlar (joylashuv, mikrofon, kamera, bildirishnomalar, fondagi ishlash va h.k.) berilgan bo'lishi;

d) qurilmaning operatsion tizimi va modeli Ilovaning o'rnatish sahifasida ko'rsatilgan texnik talablarga mos kelishi.

7.2. Joylashuv ma'lumotlarining aniqligi GPS signali, mobil aloqa operatorining tarmog'i, Wi-Fi nuqtalari va qurilmaning texnik xususiyatlariga bog'liq. Ijrochi joylashuvning mutlaq aniqligini kafolatlamaydi.

7.3. Ijrochining majburiyatlari Foydalanuvchi va Farzandni Internet yoki mobil aloqa bilan ta'minlashni, qurilmalar va SIM-kartalar berishni, shuningdek, Ilova bilan bog'liq bo'lmagan dasturiy ta'minotni sozlashni o'z ichiga olmaydi. Internetga ulanish Foydalanuvchi tomonidan o'z hisobidan ta'minlanadi.

7.4. Ijrochi Ilovaning uzluksiz va xatosiz ishlashi uchun barcha oqilona choralarni ko'radi. Ammo Ijrochi Internet tarmog'i va mobil qurilmalarning o'ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda Ilovaning 100 foiz uzluksiz ishlashini kafolatlamaydi.

7.5. Ijrochi rejalashtirilgan texnik ishlar uchun xizmat ko'rsatishni vaqtincha to'xtatishga haqli. Bu haqda Ilovada kamida 24 (yigirma to'rt) soat oldin xabar beriladi. Favqulodda vaziyatlarda shoshilinch ishlar oldindan xabar bermasdan o'tkazilishi mumkin. Ijrochi bunday ishlarni qisqa muddatda yakunlashga intiladi.

7.6. Ijrochi Ilovani yangilash, uning interfeysi va Funksiyalarini takomillashtirishga haqli. Bunda Tarifga kiruvchi asosiy Funksiyalar Obuna davri tugagunga qadar saqlanib qoladi.

8. To'langan mablag'ni qaytarish tartibi

8.1. Xizmat haqi Obuna davri uchun Ilovadan foydalanish imkoniyati taqdim etilganligi uchun to'lanadi. Foydalanuvchi Ilovadan amalda foydalangan yoki foydalanmaganligidan qat'i nazar, xizmat haqi ushbu bo'lim va Ofertaning 9.6-bandida nazarda tutilgan hollardan tashqari qaytarilmaydi.

8.2. Quyidagi holatlar Ilova nosozligi hisoblanmaydi. Ular tufayli to'langan mablag' qaytarilmaydi va Obuna davri uzaytirilmaydi:

a) Farzand qurilmasining o'chib qolishi, batareyasining tugashi, buzilishi, yo'qolishi yoki o'g'irlanishi;

b) Farzand yoki Foydalanuvchi qurilmasida Internet aloqasining mavjud emasligi yoki sifatsizligi, mobil aloqa operatori yoki Internet-provayder xizmatlaridagi uzilishlar;

v) farzand ilovasining Farzand yoki boshqa shaxs tomonidan o'chirib tashlanishi, to'xtatilishi yoki uning ruxsatlari bekor qilinishi;

g) qurilmaning energiya tejash rejimi, operatsion tizim va uning yangilanishlari cheklovlari yoki boshqa ilovalar (antivirus va h.k.) Ilova ishini cheklashi;

d) Foydalanuvchi yoki Farzand qurilmasining Ofertaning 7.1-bandida ko'rsatilgan talablarga mos kelmasligi;

ye) SIM-karta, aloqa operatori balansidagi mablag'ning yetishmasligi yoki raqamning bloklanishi;

j) joylashuv ma'lumotlarida Ofertaning 7.2-bandida ko'rsatilgan sabablar tufayli yuzaga kelgan noaniqliklar;

z) Foydalanuvchining fikridan qaytishi, Ilovadan foydalanishni istamasligi yoki undan foydalanmaganligi;

i) Akkauntning Oferta shartlari buzilganligi sababli bloklanishi yoki o'chirilishi;

k) banklar, to'lov tizimlari va boshqa Uchinchi shaxslar xizmatlaridagi uzilishlar yoki fors-major holatlari;

l) Ofertaning 7.5-bandiga muvofiq o'tkaziladigan texnik ishlar.

8.3. Foydalanuvchi Obuna davri boshlangan paytdan e'tiboran Ilova Funksiyalaridan foydalanish imkoniyati to'liq hajmda taqdim etilganligini va xizmat ko'rsatila boshlanganini tan oladi.

8.4. Xato (takroriy) to'lov amalga oshirilgan yoki to'lov tizimidagi texnik xatolik tufayli ortiqcha mablag' yechilgan hollarda, ortiqcha to'langan mablag' Foydalanuvchining yozma murojaatiga asosan, to'lov amalga oshirilgan vosita orqali, murojaat olingan kundan boshlab 10 (o'n) ish kuni ichida qaytariladi.

9. Ilova nosozliklarini bartaraf etish va texnik qo'llab-quvvatlash

9.1. Foydalanuvchi murojaatlari Qo'llab-quvvatlash xizmati tomonidan quyidagi kanallar orqali qabul qilinadi: Ilova ichidagi «Yordam» bo'limi (asosiy kanal), elektron pochta va Ofertaning 20-bo'limida ko'rsatilgan Telegram-kanal. Boshqa yo'llar bilan yuborilgan murojaatlar rasmiy hisoblanmaydi. Ijrochi bunday murojaatni qabul qilishdan oldin Foydalanuvchidan shaxsini tasdiqlashni so'rashi mumkin.

9.2. Murojaatlar o'zbek yoki rus tilida qabul qilinadi va Ilovada ko'rsatilgan ish vaqtida ko'rib chiqiladi. Ijrochi umumiy murojaatlarga 2 (ikki) ish kuni ichida javob beradi.

9.3. Ilova nosozligi aniqlanganda Foydalanuvchi bu haqda 9.1-bandda ko'rsatilgan kanallar orqali Ijrochiga xabar berishi lozim. Xabarnomada nosozlikning mazmuni, yuzaga kelgan vaqti, qurilma modeli ko'rsatiladi va imkon qadar skrinshotlar ilova qilinadi.

9.4. Ijrochi nosozlik haqidagi xabarnoma olinganligini 1 (bir) ish kuni ichida tasdiqlaydi va nosozlik sababini tekshiradi. Nosozlik Ijrochiga bog'liq sabablarga ko'ra yuzaga kelganligi tasdiqlansa, Ijrochi uni xabarnoma olingan kundan boshlab 10 (o'n) ish kuni ichida bartaraf etadi. Texnik jihatdan murakkab hollarda bu muddat Foydalanuvchiga xabar berilgan holda 30 (o'ttiz) kalendar kungacha uzaytirilishi mumkin.

9.5. Ilova nosozligining asosiy oqibati – Ijrochi tomonidan nosozlikning bartaraf etilishi. Nosozlik tufayli Tarifning asosiy Funksiyasi (joylashuvni aniqlash) Foydalanuvchi xabar bergan paytdan boshlab uzluksiz 72 (yetmish ikki) soatdan ortiq ishlamasa, Ijrochi Obuna davrini Funksiya ishlamagan kunlar soniga bepul uzaytiradi.

9.6. Ijrochi Ilova nosozligini 9.4-bandda belgilangan eng uzoq muddatda bartaraf etmasa, Foydalanuvchi Shartnomani bekor qilishga va joriy Obuna davrining foydalanilmagan kunlariga mutanosib mablag'ni qaytarishni talab qilishga haqli. Mablag' yozma murojaat olingan kundan boshlab 10 (o'n) ish kuni ichida qaytariladi.

9.7. Foydalanuvchi Ijrochiga xabar bermagan Ilova nosozliklari uchun, shuningdek, xabar berilgunga qadar o'tgan davr uchun Ijrochi javobgar bo'lmaydi va Obuna davri uzaytirilmaydi.

9.8. Quyidagi murojaatlar ko'rib chiqilmaydi: haqoratli yoki beadab iboralarni o'z ichiga olgan; Ilova bilan bog'liq bo'lmagan (qurilmalarni ta'mirlash, aloqa operatorlari xizmatlari va h.k.); mazmuni tushunarsiz yoki noaniq bo'lgan murojaatlar.

9.9. Murojaatdagi savolga javob Ilovaning «Ko'p beriladigan savollar» bo'limida mavjud bo'lsa, javob tegishli bo'limga havola shaklida berilishi mumkin.

10. Akkauntni bloklash va o'chirish

10.1. Akkauntni bloklash – Foydalanuvchining Funksiyalardan vaqtincha foydalana olmasligi. Bloklash davrida Akkauntga cheklangan hajmda kirish va Qo'llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish imkoniyati saqlanadi.

10.2. Ijrochi quyidagi hollarda Akkauntni bloklashga haqli:

a) Foydalanuvchi Oferta shartlarini buzganda;

b) Ofertaning 5.6-bandida ko'rsatilgan hujjatlar belgilangan muddatda taqdim etilmaganda;

v) Foydalanuvchi noto'g'ri ma'lumotlar ko'rsatganda yoki ularni o'z vaqtida yangilamaganda;

g) Uchinchi shaxslardan yoki vakolatli davlat organlaridan Ofertaning 4.2-bandi buzilganligi haqida asosli shikoyat yoki so'rov olinganda – tekshiruv yakunlangunga qadar;

d) Akkauntga ruxsatsiz kirilganligi haqida asosli shubha paydo bo'lganda – Foydalanuvchi xavfsizligini ta'minlash maqsadida.

10.3. Ijrochi bloklash sababi va uni bartaraf etish tartibi haqida Foydalanuvchiga Ilova orqali xabar berish huquqiga ega, biroq bunga majbur emas. Akkaunt buzilish bartaraf etilgunga qadar bloklanadi. Bloklash muddati Obuna davrini uzaytirmaydi.

10.4. Ijrochi quyidagi hollarda Akkauntni o'chirishga haqli:

a) Foydalanuvchining iltimosiga ko'ra;

b) Akkaunt 3 (uch) martadan ortiq bloklanganda;

v) Ofertaning 4.2-bandi qo'pol ravishda buzilganda yoki Foydalanuvchi buzilishni Ijrochi so'rov yuborgan kundan boshlab 3 (uch) ish kuni ichida bartaraf etmaganda;

g) Obuna davri tugaganidan keyin 6 (olti) oy davomida to'lov amalga oshirilmaganda va Ilovadan foydalanilmaganda.

10.5. Akkaunt o'chirilganda Shartnoma bekor qilingan hisoblanadi, ma'lumotlar Ofertaning 11.6-bandiga muvofiq yo'q qilinadi. Joriy Obuna davri uchun to'langan mablag' Ofertaning 9.6-bandida nazarda tutilgan holdan tashqari qaytarilmaydi.

11. Shaxsga doir ma'lumotlar va maxfiylik

11.1. Ijrochi «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq shaxsga doir ma'lumotlarning egasi va operatori hisoblanadi.

11.2. Ijrochi xizmatlarni ko'rsatish uchun zarur bo'lgan quyidagi ma'lumotlarga ishlov beradi:

a) Foydalanuvchi va Qo'shimcha foydalanuvchiga oid: familiyasi, ismi, telefon raqami, elektron pochta manzili, Akkaunt ma'lumotlari, to'lovlar tarixi (bank kartasi rekvizitlariga to'lov tizimi ishlov beradi, Ijrochi ularni saqlamaydi), qurilma to'g'risidagi texnik ma'lumotlar;

b) Farzandga oid: ismi, tug'ilgan sanasi, joriy joylashuvi va joylashuv tarixi, batareya holati, ulangan Wi-Fi tarmoqlari, o'rnatilgan ilovalar ro'yxati va ekran vaqti, vazifalar, chat xabarlari – tanlangan Tarifga muvofiq. «Atrof yozuvi» va «Kamera» Funksiyalari orqali olinadigan audio va video oqim Foydalanuvchiga to'g'ridan-to'g'ri, shifrlangan kanal orqali uzatiladi va Ijrochi tomonidan yozib olinmaydi hamda saqlanmaydi.

11.3. Akseptni amalga oshirish orqali Foydalanuvchi o'zining shaxsga doir ma'lumotlariga, shuningdek, Farzandning qonuniy vakili sifatida Farzandning shaxsga doir ma'lumotlariga ushbu bo'limda ko'rsatilgan maqsadlar va hajmda ishlov berilishiga o'z xohishi bilan va o'z manfaatlari yo'lida rozilik beradi.

11.4. Shaxsga doir ma'lumotlarga faqat quyidagi maqsadlarda ishlov beriladi: Ilova Funksiyalarini ta'minlash; Foydalanuvchini identifikatsiya qilish; to'lovlarni qabul qilish; texnik qo'llab-quvvatlash; Ilovadan suiiste'mol qilish holatlarini aniqlash va oldini olish (Ofertaning 11.8-bandiga muvofiq); Ilova sifatini yaxshilash (shaxsni aniqlash imkonini bermaydigan umumlashtirilgan ko'rinishda); qonun hujjatlari talablarini bajarish.

11.5. O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma'lumotlari O'zbekiston Respublikasi hududida joylashgan va belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazilgan ma'lumotlar bazalarida saqlanadi.

11.6. Ma'lumotlarni saqlash muddatlari: joylashuv tarixi – 30 (o'ttiz) kalendar kun; boshqa ma'lumotlar – Akkaunt amal qilgan davr mobaynida. «Atrof yozuvi» va «Kamera» orqali uzatiladigan audio va video materiallar Ijrochi tomonidan saqlanmaydi. Akkaunt o'chirilganda ma'lumotlar 30 (o'ttiz) kalendar kun ichida yo'q qilinadi. Qonunchilikka ko'ra saqlanishi lozim bo'lgan ma'lumotlar bundan mustasno.

11.7. Ijrochi shaxsga doir ma'lumotlarni Uchinchi shaxslarga sotmaydi va bermaydi. Quyidagi hollar bundan mustasno:

a) to'lov tizimlari, xosting va SMS-xabarlar yuborish xizmatlari provayderlariga – faqat xizmatlarni ko'rsatish uchun zarur hajmda va maxfiylikka rioya qilish sharti bilan. Foydalanuvchi o'z telefon raqamining Tasdiqlash kodlari va xabarnomalar yuborish maqsadida bunday provayderlarga berilishiga rozilik beradi;

b) sud, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa vakolatli davlat organlariga – qonun hujjatlarida belgilangan asoslarda va tartibda.

11.8. Ijrochi Foydalanuvchi va Farzand yozuvlarining mazmunini oldindan tekshirmaydi. Ilovadan suiiste'mol qilish holatlarini oldindan aniqlash maqsadida Ijrochi tomonidan avtomatlashtirilgan algoritmlar yordamida o'tkaziladigan tekshiruv bundan mustasno. Bunday tekshiruv faqat chat xabarlariga nisbatan qo'llaniladi. Audio va video materiallar hech qanday tekshiruvdan o'tkazilmaydi va Ijrochi tomonidan hech qachon yozib olinmaydi. Ijrochi yozuvlarga faqat Foydalanuvchi roziligi bilan texnik qo'llab-quvvatlash maqsadida, Ofertaning 4.2-bandi buzilganligi haqida asosli shikoyat kelib tushganda yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda kiradi.

11.9. Ijrochi ma'lumotlarni ruxsatsiz kirishdan, o'zgartirishdan, yo'q qilinishdan va oshkor etilishdan himoya qilish uchun zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko'radi. Shu jumladan, ma'lumotlarni uzatishda shifrlashdan foydalanadi va ularga kirishni cheklaydi. Ma'lumotlar xavfsizligi buzilganda Ijrochi Foydalanuvchini va qonunda belgilangan hollarda vakolatli organni xabardor qiladi.

11.10. Foydalanuvchi o'ziga va Farzandiga oid ma'lumotlar bilan tanishish, ularga aniqlik kiritish, ularni o'chirishni talab qilish va roziligini qaytarib olish huquqiga ega. Rozilik qaytarib olinganda xizmatlar ko'rsatishning imkoni bo'lmaydi, shu sababli Shartnoma bekor qilinadi va joriy Obuna davri uchun to'langan mablag' qaytarilmaydi.

11.11. Foydalanuvchi Ijrochidan Ilova va Obuna bilan bog'liq xizmat xabarnomalarini olishga rozilik beradi. Reklama xabarlarini yuborish Foydalanuvchi Ilova sozlamalarida o'chirib qo'yishi mumkin bo'lgan alohida rozilik asosida amalga oshiriladi.

11.12. Foydalanuvchi Ilova orqali olingan Farzand va Uchinchi shaxslarga oid ma'lumotlarning maxfiyligini ta'minlaydi va ulardan faqat Ofertaning 4.1-bandida ko'rsatilgan maqsadda foydalanadi.

12. Xabarnomalar va elektron hujjatlar

12.1. Ijrochi Foydalanuvchiga xabarnomalarni Ilova ichida (push-xabarnoma), SMS-xabar yoki Akkauntda ko'rsatilgan elektron pochta manziliga yuboradi. Bunday xabarnomalar oddiy yozma shakldagi xabarnomaga tenglashtiriladi va yuborilgan paytdan boshlab yetkazilgan hisoblanadi.

12.2. Foydalanuvchi xabarnomalari Ofertaning 9.1-bandida ko'rsatilgan rasmiy kanallar orqali yoki Ijrochining pochta manziliga yozma shaklda yuboriladi. Xabarnomada Foydalanuvchini identifikatsiya qilish uchun zarur ma'lumotlar (familiya, ism, Akkaunt telefon raqami) ko'rsatilishi shart.

12.3. Taraflar Ilova orqali shakllantirilgan elektron hujjatlarni (to'lov cheklari, roziliklar, murojaatlar) oddiy yozma shaklda tuzilgan hujjatlar sifatida tan oladilar.

12.4. Xabarnomalar yuborilganligi, vaqti, to'lovlar va Ilovadagi harakatlar yuzasidan nizo yuzaga kelganda Ijrochi texnik vositalarining ma'lumotlari (server jurnallari) ishonchli dalil sifatida tan olinadi.

13. Taraflarning huquq va majburiyatlari

13.1. Ijrochi majbur:

– to'lov olingandan so'ng Foydalanuvchiga tanlangan Tarif bo'yicha Ilovadan foydalanish imkoniyatini taqdim etish;

– Ofertaning 9-bo'limida belgilangan tartibda Ilova nosozliklarini bartaraf etish va murojaatlarni ko'rib chiqish;

– shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligi va himoyasini ta'minlash;

– Oferta va Tariflardagi o'zgarishlar haqida Ofertada belgilangan muddatlarda xabar berish.

13.2. Ijrochi haqli:

– Ofertaning 5.6-bandiga muvofiq hujjatlar talab qilish;

– Ofertaning 10-bo'limiga muvofiq Akkauntni bloklash va o'chirish;

– Oferta va Tariflarni 18-bo'limda belgilangan tartibda o'zgartirish;

– xizmatlarni ko'rsatish uchun Uchinchi shaxslarni jalb qilish. Bunda Ijrochi ular uchun Foydalanuvchi oldida javobgar bo'ladi.

13.3. Foydalanuvchi majbur:

– Ilovadan faqat Ofertaning 4-bo'limida belgilangan maqsadda va shartlarda foydalanish;

– xizmatlar haqini o'z vaqtida to'lash;

– o'zining va Farzandning qurilmalari Ofertaning 7.1-bandida ko'rsatilgan talablarga muvofiq bo'lishini ta'minlash;

– to'g'ri ma'lumotlarni ko'rsatish va ularni o'z vaqtida yangilash;

– Akkaunt xavfsizligini ta'minlash va Ofertaning 5.8-bandida ko'rsatilgan holatlar haqida darhol xabar berish;

– Ilova nosozliklari haqida Ijrochiga o'z vaqtida xabar berish;

– Ofertadagi o'zgarishlar bilan Ilovada yoki veb-saytda mustaqil ravishda tanishib borish.

13.4. Foydalanuvchi haqli:

– tanlangan Tarif doirasida Ilovadan foydalanish;

– Tarifni o'zgartirish va obunani avtomatik uzaytirishni o'chirish;

– Qo'llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish va Ofertaning 9-bo'limida nazarda tutilgan himoya vositalaridan foydalanish;

– Ofertaning 11.10-bandida ko'rsatilgan huquqlarni amalga oshirish;

– Shartnomani Akkauntni o'chirish orqali istalgan vaqtda bekor qilish.

14. Taraflarning javobgarligi

14.1. Taraflar Oferta bo'yicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va ushbu Ofertaga muvofiq javobgar bo'ladilar.

14.2. Ijrochi quyidagilar uchun javobgar bo'lmaydi:

a) Ilovadan foydalanish yoki foydalana olmaslik natijasida yuzaga kelgan bilvosita zararlar va boy berilgan foyda;

b) Farzand, Qo'shimcha foydalanuvchi va boshqa Uchinchi shaxslarning harakatlari va ularning oqibatlari;

v) Foydalanuvchi tomonidan Akkaunt ma'lumotlari yoki Tasdiqlash kodlari oshkor qilinishi oqibatlari;

g) operatsion tizimlar, ilova do'konlari (App Store, Google Play), aloqa operatorlari va boshqa Uchinchi shaxslar dasturiy ta'minoti va xizmatlarining ishlashi.

14.3. Ijrochining Oferta bo'yicha umumiy javobgarligi har qanday holatda ham Foydalanuvchi tomonidan joriy Obuna davri uchun amalda to'langan xizmat haqi miqdori bilan cheklanadi. Qasddan yetkazilgan zarar hollari bundan mustasno.

14.4. Foydalanuvchi Ilovadan Ofertaning 4-bo'limini buzgan holda foydalanish oqibatlari, shu jumladan Uchinchi shaxslar oldidagi javobgarlik uchun mustaqil va to'liq javobgar bo'ladi. U bunday harakatlar natijasida Ijrochiga yetkazilgan zararni, shu jumladan Uchinchi shaxslar va davlat organlarining talablari bilan bog'liq xarajatlarni qoplaydi.

15. Intellektual mulk

15.1. Ilova, uning dasturiy kodi, dizayni, matnlari va «OILA24» nomi Ijrochiga tegishli bo'lib, O'zbekiston Respublikasining intellektual mulk to'g'risidagi qonunchiligi bilan muhofaza qilinadi.

15.2. Foydalanuvchiga Obuna davri mobaynida Ilovadan shaxsiy, notijorat maqsadlarda Oferta shartlariga muvofiq foydalanish uchun oddiy (nosiz) litsenziya beriladi. Ilova yoki uning qismlariga bo'lgan mutlaq huquqlar Foydalanuvchiga o'tmaydi.

16. Fors-major

16.1. Taraflar yengib bo'lmaydigan kuch holatlari (tabiiy ofatlar, harbiy harakatlar, epidemiyalar, davlat organlarining qarorlari, qonunchilikdagi o'zgarishlar, ommaviy Internet uzilishlari, elektr ta'minotidagi yirik avariyalar va taraflarning irodasiga bog'liq bo'lmagan boshqa holatlar) tufayli majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilinadilar.

16.2. Fors-major holatlari amal qilgan davr mobaynida majburiyatlarni bajarish muddati ushbu holatlar davom etgan muddatga mutanosib ravishda uzaytiriladi.

17. Nizolarni hal etish

17.1. Oferta yuzasidan yuzaga keladigan nizolar taraflar o'rtasida muzokaralar yo'li bilan hal etiladi. Da'vogacha tartibga rioya etish majburiy. E'tirozni ko'rib chiqish muddati u olingan kundan boshlab 15 (o'n besh) kalendar kun.

17.2. Nizo muzokaralar yo'li bilan hal etilmasa, u O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq, sudlovga taalluqlilik qoidalariga rioya qilgan holda vakolatli sudda ko'rib chiqiladi.

18. Ofertaning amal qilishi, o'zgartirilishi va bekor qilinishi

18.1. Oferta Ijrochining veb-saytida e'lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va Ijrochi tomonidan chaqirib olingunga qadar amal qiladi.

18.2. Shartnoma Aksept paytidan boshlab kuchga kiradi va to'langan Obuna davri tugagunga qadar amal qiladi. Keyingi Obuna davri uchun to'lov amalga oshirilganda Shartnoma shu davr uchun uzaytirilgan hisoblanadi.

18.3. Ijrochi Oferta shartlarini bir tomonlama o'zgartirishga haqli. O'zgartirishlar Ilovada va veb-saytda e'lon qilingan kundan boshlab 10 (o'n) kalendar kun o'tgach kuchga kiradi. Ular kuchga kirganidan keyin Ilovadan foydalanishni davom ettirish Foydalanuvchining o'zgartirishlarga roziligini anglatadi. To'liq to'langan joriy Obuna davri uchun Tarif narxi o'zgartirilmaydi.

18.4. Ijrochi texnik, tashkiliy yoki huquqiy sabablarga ko'ra Ofertani chaqirib olishga haqli. Bu haqda Foydalanuvchilarga kamida 30 (o'ttiz) kalendar kun oldin xabar beriladi. Bu holda to'langan Obuna davrining foydalanilmagan kunlari uchun mablag' qaytariladi.

18.5. Shartnoma quyidagi hollarda bekor qilinadi:

– taraflarning kelishuviga ko'ra;

– Foydalanuvchining tashabbusi bilan – Akkauntni o'chirish orqali istalgan vaqtda;

– Ijrochining tashabbusi bilan – Foydalanuvchi Oferta shartlarini buzganda, 5 (besh) kalendar kun oldin xabar bergan holda, Ofertaning 4.2-bandi buzilganda esa darhol;

– O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

18.6. Shartnoma bekor qilinganda joriy Obuna davri uchun to'langan mablag' Ofertaning 9.6 va 18.4-bandlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari qaytarilmaydi.

19. Yakuniy qoidalar

19.1. Ofertada tartibga solinmagan masalalar O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.

19.2. Ofertaning biror qoidasi haqiqiy emas deb topilsa, bu uning qolgan qoidalarining haqiqiyligiga ta'sir qilmaydi. Haqiqiy emas deb topilgan qoida taraflarning dastlabki niyatiga eng ko'p mos keladigan qoida bilan almashtiriladi.

19.3. Oferta bo'limlarining nomlari o'qish qulayligi uchun berilgan va uni talqin qilishda ahamiyatga ega emas.

19.4. Oferta o'zbek tilida tuzilgan. Uning rus va boshqa tillarga tarjimalari tafovut yuzaga kelganda o'zbek tilidagi matn ustunlik qiladi.

19.5. Ofertaning 1 va 2-ilovalari uning ajralmas qismi hisoblanadi.

20. Ijrochining manzili va rekvizitlari

Nomi
«OILA24» mas'uliyati cheklangan jamiyati
Yuridik manzil
Toshkent shahri, Mirobod tumani, Lolazor MFY, Fidokor ko'chasi, 30-uy
STIR
313 100 184
IT Park rezidentligi
Sertifikat № 6785, 28.08.2026-yildagi 14/31-son qaror
Hisob raqami
20208000907487280001
Bank nomi
Ipak yo'li Yakkasaroy filiali
Bank kodi (MFO)
01028
Aloqa markazi
+998 90 034 50 23
Elektron pochta
oila360kids@gmail.com